Bo’lar ekan-u yoxud kechaning bugundan farqi nimada? Farg‘ona davlat universitetida istiqlol, tarix va islohotlar qiyosiy tahlil qilindi.
Har bir xalqning ertangi kuni, avvalo, o‘z tarixini nechog‘lik chuqur bilishi, kechmishini qanday tahlil qilishi va bugunidan qanday xulosa chiqarishiga bog‘liq. Ayniqsa, istiqlolga erishgan O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida tarixiy ildizlarni esga olish, kechagi kurashlarni solishtirish hamda bugungi yutuqlarni baholash – dolzarb masalalardan biri.
Shu maqsadda Farg‘ona davlat universitetida “Bo’lar ekan-u yoxud kechaning bugundan farqi nimada?” mavzusida ochiq muloqot tarzidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, talabalar va faxriylar ishtirok etib, tarixiy jarayonlar hamda milliy istiqlol yo‘lidagi bosqichlar qiyosiy tahlil qilindi.
Muloqot davomida ishtirokchilar mustabid tuzum davridagi murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitlarni eslab o‘tishdi. O‘zlikni anglash, milliy o‘zlikni saqlash hamda ozodlikka intilish yo‘lida ko‘plab ma’rifatparvar jadid bobolarimizning kurashi alohida ta’kidlandi.
Tarixiy jarayonlar nafaqat og‘ir sinovlar, balki millatimizning matonati va fidoyiligini ham namoyon qilgani haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mustaqillikka erishilgach, mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar tahlil qilindi. Erkinlik, xalq manfaatlarini ustuvor qo‘ygan siyosiy yondashuv va iqtisodiy o‘zgarishlar tufayli jamiyatimizning barcha sohalarida yangilanishlar yuz bergani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar istiqlolning eng katta yutug‘i sifatida – erkin fikrlash, milliy qadriyatlarni tiklash va inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish g‘oyasining qaror topganini qayd etishdi.
Tadbirda talabalarning faol ishtiroki muloqotga yanada jon bag‘ishladi. Ular mustaqillik davridagi yutuqlarni o‘z hayoti misolida baholab, bugungi imkoniyatlarning qadri haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, istiqlolning asl mohiyati yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash, Vatanga sodiq bo‘lib ulg‘aytirishda ekanligi alohida ta’kidlandi.