Yurtimiz taraqqiyoti, millatimizning ertangi kuni va xalqimizning farovonligi yo‘lida mehnat qilgan insonlarni qadrlash – bugungi kunning eng ulug‘ fazilatlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati tashabbusi bilan ana shunday ezgu maqsad yo‘lida yuksak qadriyatlarimizga mos tadbir tashkil etildi.
Farg‘ona davlat universiteti yillar davomida ilm-fan, ta’lim va ma’rifat sohasida fidoyilik ko‘rsatgan, minglab yoshlarni kamolotga yetaklagan o‘qituvchi va xodimlari bilan faxrlanadi. Mustaqillik bayrami arafasida universitet rahbariyati ularning xonadonlariga tashrif buyurib, sog‘lig‘i, turmush sharoitlari, hayotiy ehtiyojlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida faxriy ustozlarga sovg‘a-salomlar topshirildi, ularning uzoq yillar davomida universitet ravnaqi uchun qo‘shgan hissasi yodga olindi. Bu tashrif nafaqat moddiy ko‘mak, balki ma’naviy dalda, ehtirom ramzi sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Farg‘ona davlat universitetida faxriylarni e’zozlash, ularning bilim va tajribalaridan foydalanish an’anaga aylangan. Zero, ustozlarimiz – bu millatimizning eng bebaho xazinasi. Ularning hayotiy tajribasi, fidoyiligi va halolligi yoshlar uchun o‘rnak, jamiyat uchun esa ma’naviy tayanchdir.
Bugun O‘zbekistonimiz mustaqilligining 34 yilligini keng nishonlar ekanmiz, Vatan ravnaqi yo‘lida mehnat qilgan har bir insonning fidoyiligini qadrlash – burchimizdir. Farg‘ona davlat universiteti jamoasi uchun bu tashriflar o‘ziga xos saboq, mehr va minnatdorlik ifodasi bo‘ldi.