Farg‘ona davlat universitetida nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Yozgi ta’til davrida turli fakultet talabalari uchun ishlab chiqarish va tanishuv amaliyotlari tashkil etilib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda kasbiy tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Tarix fakulteti ijtimoiy ish va sotsiologiya yo‘nalishi talabalari hamda mazkur mutaxassislik magistrantlari Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “TALXA” MCHJ qo‘shma korxonasida malakaviy amaliyot o‘tayapti. Ular korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va boshqaruv tizimi bilan bevosita tanishib, kelajak kasbiy faoliyati uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirmoqda.
“Dolzarb_90kun” loyihasi doirasida Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari uchun Oltiariq tumanida joylashgan “Oltiariq bahmali” korxonasida tanishuv va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi. Bu jarayonda talabalar ishlab chiqarishning real sharoitlari, mehnat jarayonining bosqichlari hamda sport kiyimlari va jihozlarini tayyorlash texnologiyasi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya hamda Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishi talabalari, ularga biriktirilgan Z.Yusupova, D.O‘rmonova va D. Komilovalar boshchiligida Farg‘ona shahridagi “Fergana France” qo‘shma korxonasida bo‘lishdi. Bu yerda talabalar uzum yetishtirish, qayta ishlash, shuningdek, vinochilikning biotexnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishib, nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur amaliyotlar talabalarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilim olish, real ishlab chiqarish muhiti bilan tanishish va kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini bermoqda.